Xotiramizning 7 «gunohi» (Eslab qolish yo’llari)

xotira1024x1024Xristianlik dini ta’limoti bilan tanish insonlar biladiki unda 7 buyuk gunohlar bor va u gunohlar sizni hayotingizni yomonlashtirishga olib keladi xuddi Islomiy qarash bo’yicha «gunohi kabira» inson hayotini zavolga olib kelganidek. Buni qarangki, miyamizning eng asosiy vazifalaridan biri bo’lmish xotiramizning ham 7 gunohi bor ekan.

Xristianlik dini ta’limoti bilan tanish insonlar biladiki unda 7 buyuk gunohlar bor va u gunohlar sizni hayotingizni yomonlashtirishga olib keladi xuddi Islomiy qarash bo’yicha «gunohi kabira» inson hayotini zavolga olib kelganidek. Buni qarangki, miyamizning eng asosiy vazifalaridan biri bo’lmish xotiramizning ham 7 gunohi bor ekan. “Seven sins of memory” (Xotiraning 7 gunohi). Bu kitobning muallifi Daniel Shakter bo’lib, u inson Garvard Universitetining Psixologiya bo’limi boshlig’i bo’lib ishlagan va hozirgi kunda xotira sohasi bo’yicha yetakchi olim hisoblanadi. Shakterning teoriyasiga ko’ra ko’pchiligimizning xotiramiz aslida bir xil kuchga ega bo’lib, quyida keltiriladigan 7 gunohni bajarishdan o’zimizni tiya olgan taqdirimizdaginia, eslab qolishimizda yaxshi o’zgarishlarga erishish mumkin bo’lar ekan. Bu o’ziga xos kamchiliklar hozirgacha olimlarni ajablanishtirishda davom etmoqda. Qizig’i shundaki, bu muammolarning ko’pchiligi yosh o’tishi bilan kuchayishi mumkin ekan. Xotiramizning 7 ta gunohi esa — qisqalik, parishonxotirlik, to’sqinlik, noto’g’ri belgilash, taklifchanlik, yon bosish, qaysarlik hisoblanadi. Quyida ular haqida qisqa to’xtalaman va kezi kelganda yechim ham berishga harakat qilaman.

1. Qisqalik Xotiramizdagi ma’lumot juda qisqa fursatlarda esdan chiqib ketadi, shuning uchun ham yoshlikda olingan bilim vaqt o’tgan sayin yodimizdan chiqib ketadi. Masalan, siz ham ba’zida kechagina o’qigan adabiy kitobingizning qahramonlarini ismini eslashga qiynalishingiz mumkin. Xattoki ertalab o’qigan maqolangizni sarlavhasini eslay olmasligingiz mumkin. Bunday holatlar ko’p uchraydi va ularga qarab xotiramizni juda qisqa muddatli ekaniga amin bo’lishimiz mumkin. Qisqa-muddatli xotiradagi axborot uzoq-muddatli xotiraga o’tmay qoladi, oqibatida biz ma’lumotlarni yo’qotaveramiz. Xotiramizning qisqaligini ilk bor Nemis olimi Ebbinghaus kashf qilgan bo’lib, qisqacha aytganda siz hozir o’qiyotgan maqolaning 90 % ini 30 kun ichida sekin-asta unutasiz mabodo bu maqola haqida umuman hayolingizga keltirmasangiz. Xotiramiz vaqt o’tgan sari yo’qoladi. Bu narsa har bir insonda bo’ladi va bunday xotiramiz xatosidan tushkunlikka tushmay aksincha bu oddiy holat deb qabul qiling, ya’niki sizni qisqa muddatlarda esdan chiqarib qolishingiz bu siz uchun evolutsion kechirim. Buni tan olasizmi yo’qmi xotiramiz shunday yaratilgan. Faqatgina siz xotirangizdagi ma’lumotni uzoq muddatli xotiraga olib o’tsangiz keyin esingizda qolishi mumkin. Yechim : Eslab qolmoqchi bo’lgan ma’lumotni tez-tez takrorlab turing. O’qigan kitobingiz qahramonlarini boshqa insonlar bilan muhokama qiling yoki biladigan ma’lumotingizni boshqalarga o’rgating. Esda tutingki: Takrorlashni eslab qoling va eslab qolish uchun takrorlang.

2. Parishonxotirlik Kalitingizni, telefoningizni va ba’zida kerakli xujjatlarni qayerga qo’yganingizni eslay olmaysiz. Aynan ular parishonxotirlikning eng ommabop misollari hisoblanadi. Bunda e’tibor berish va xotira o’rtasidagi kelishmovchilik kelib chiqadi va siz bir vaqtning o’zida ikki yoki undan ortiq ishni qilishingiz oqibatida ikkalasiga ham yaxshi e’tibor bermasligiz sabab bo’ladi. Parishonxotirlikka yana bir asosiy turtki bu fikrlagan paytimizda miyamizning ko’zi ko’rmasligidadir. Ko’zi ko’rmaydi deganimni so’zma-so’z tushunmang, aytmoqchimanki miyangiz fikrlash bilan band bo’ladi, fikrga bor e’tiborni beradi va siz telefoningizni qo’ygan joyni “ko’rmaysiz” . Oqibatida, miya ko’rmagan narsani esa eslay olmaydi. Yechim : Bir vaqtning o’zida bir nechta narsaga e’tibor bermaslikni o’rganing, hozirda yashashni va bir narsaga aniq e’tibor berishni o’rganing. Ya’ni biron-bir muhim ishni bajarayotganingizda diqqatingizni bir joyga jamlab o’zingizni konsentratsiya qilishni o’rganing.

3. To’sqinlik Kimdir savol bersayu , u savolga javobingiz shundoqqina tilingizni uchida tursa. Javobni bilasiz, va bilishingizni ham bilasiz lekin afsuski aynan o’sha paytda tilingiz aylanmay qoladi. Bunday xotiramizning keyingi gunohi bu to’sqinilk bo’lib, ayan shu xato odamlar orasida juda ko’p uchrab turadi. Tilimni uchida turibdi degan ibora ham aynan mana shundan kelib chiqadi. Tilingizni uchida turadiki , uni ayta olmaysiz. Hammaga tanish holat, albatta shunday emasmi? To’sqinlikda sizga kerakli bo’lgan xabarni yo’lini boshqa xabar to’sib qo’yadi. Bir kino epizodi qahramonini ismini eslay olmaysizda , aslida ismi Otabek bo’lsa, miyangizga Mashxur ismi kelaveradi vaholanki, Mashxur so’zi Otabek ismi kelishiga to’sqinlik qilayotgan bo’lib chiqadi. Yechim : Umuma olganda, izlanishlar natijasi shuni ko’rsatadiki tilingizni uchida turgan so’zni yoki ismni siz ko’p holatlarda 1 minut ichida ushlab olishingiz mumkin. Bu “gunohi kabira” xotirangizni sust ishlasidan dalolat bermaydi aksincha inson tabiatida bo’lib turadigan bir hodisadir.

4. Noto’g’ri belgilash Do’stingiz aytmagan gapni u aytgan deb olib aslida gazetada o’qilgan xabarni noto’g’ri belgilab qo’yishingiz mumkin. Noto’g’ri belgilash deb xabar manbasini boshqa manbadan olganman deya miyangizni yanglishishiga aytiladi. Ba’zida shunday bo’ladiki siz aniq ishonch bilan manba to’g’ri deb olasiz, lekin oxirida bunday emasligiga amin bo’lasiz. Noto’g’ri belgilash bu yosh o’tgan sayin ko’p uchraydigan muammoga aylanadi negaki yoshi qari insonlarda ko’pincha xotiralari ham zaiflashib qoladi va ular fikrlarini tez o’zgartirishga moyil inson bo’lib qoladilar. Bu narsa uyatga solishi, hijolat qilib qo’yishi, va hattoki jaxlingizni chiqarishi mumkin: lekin bu oddiy holat bo’lib xotiraning kasalligi emas. Hamma yoshdagi insonlarda bu muammo uchrashini o’ylab o’zingizni tinchlantirishingiz ham mumkin. Yechim : Bunday holatda tarixga qayting, lentani orqaga qaytarib boshidan nimalar bo’lganini eslab ko’ring agarda siz haqiqatdan ham to’g’ri topa olsangiz

5. Taklifchanlik Tarixdan ma’lumki, sud jarayonlarida, guvohning bergan ko’rsatmalari eng kuchli dalillardan biri hisoblanadi. Lekin buni qarangki , sezilarli darajada ko’plab holatlarda guvoh tomonidan berilgan ko’rsatma noto’g’ri bo’lib chiqmoqda. AQSHda nechta insonlar o’zlari “yemagan somsaga pul to’lashga ” majbur bo’lishmoqda, aynan yolg’on xotiralarga asoslangan ma’lumotlar sababli! Bunga asosiy sabab deb miyamizning strukturasini keltirishimiz mumkin. Ya’ni miyamiz shunday yaratilganki doimo o’ziga moslab takiflar berishni boshlaydi (xohlaydi), o’zidan o’zi yangi xotiralarni fantaziya qilib yuboradi va oqibatda “yolg’on xotiralarga bizni duchyor qiladi”, bu qaysidir ma’noda noto’g’ri belgilashga aloqador hisoblanadi. Xattoki, guvohning ko’rsatmasini so’roq-savollar orqali ham o’zgartirib yuborish mumkin ekan. Bu haqida o’qiganimda ozgina hayron qolgandim lekin bu fakt ekan. Dr Elizabet Loftus tajribalar orqali to’g’ri va noto’g’ri savollarni guvohlarga berish natijasida ularning xotiralarida o’zgarishlar sodir qilgan ekan negaki savol-javoblarda guvohlarning miyasi taklifchanlik oqibatida xotirasida o’zgarishlar sodir bo’lar ekan. Hozirda janob sudyalar va huquqshunoslar bu muammodan to’liq habari bor va guvohning ko’rsatmalariga o’ta ehtiyotkorlik bilan qarashmoqda. Yechim : Ba’zida xotiralarimiz yolg’on xotiralar berishga moyil bo’ladi, va bu hamma yoshdagi insonlarda uchraydi. Xotiramiz nomukammal yaratilganligida ham qandaydir hikmat bordir, balkim. Kim bilsin? Kelajakdagi 10-20 yillik tadqiqotlar nega biz bu muammolarga duchor bo’lishimizni tushuntirib berar.

6. Yon bosish Eksperiment qilib ko’ring. Ikki do’stingizdan so’rashingiz mumkin va ular maktabdagi so’ngi qo’ng’iroq haqida o’z fikrlarini berishi mumkin va bu yerda ikkala fikrning bir biridan farq qilish darajasi ancha yuqori bo’lishiga o’zingiz guvoh bo’lasiz. Misol uchun, do’stingiz kimnidir nutqini qiziqarli deb bilishi mumkin va siz esa uni aniq zerikarli deb sezgansiz yoki bir guruh o’quvchilar so’ngi qo’n’g’iroqqa umuman hissiy yondashmagan va bitirayotganidan umuman hafa ham bo’lmagan deb hisoblaysiz. Lekin do’stingiz aksincha ular juda hissiyotga berilib, xattoki yig’lab ham yuborishgan deya fakt keltirishi mumkin. Xo’sh, bu yerda kimning fikri to’g’ri? Buni aytishning deyarli iloji yo’q , negaki bizning xotiramiz doimo bir tomonga yon bosishga moyil ya’niki xotira esda qoladigan hodisa aynan qabul qiluvchining dunyoqarashi orqali qabul qilinadi. Sizning shaxsiyatingiz, kayfiyatingiz, qarashlaringiz va tajribangiz hammasi sizning xotirangizga boshqacha rangbaranglik berishi mumkin. Odatda biz fikrlar ekanmiz his qilamiz ham,va his qilganimizda beixtiyor oldingi hislarimiz hozirgi fikrashimiz yoki eslashimizga o’z ta’sirini o’tkazadi. Shunday ekan, xotiramiz doimo yon bosishga moyil hisoblanadi , lekin bu bizning xotiramiz xolis bo’lmasligi mumkin deganidir. Yechim : Xotira bu video kamera singari haqiqiy hayotni tasvirga xolisona tushiradi deb siz hech qachon o’ylamang. Kimdur sizga dunyoni o’z ko’zingiz bilan ko’rasiz desa ham hayron qolmang. Aslida ham shunday va kim bilandir xotiralariz aynan bir voqea yuzasidan ikki xil chiqsa ham ajablanmang. Shunchaki, hodisani tahlil qilib kimning xotirasi yon bosayotganiga e’tibor berib, xabarga xolis qarashingiz mumkin.

7. Qaysarlik Ko’p insonlar esdan chiqarib qo’yish haqida xavotirga tushadi, lekin shunday insonlar borki unutmoqlikni juda ham xoxlaydi , ammo buni iloji yo’q. Ba’zida miyamiz shunday qaysarliklar qiladi unga asti chiday olmaymiz. Eslama deb aytgan narsalarni eslata veradi, qaysidur mudxish voqea xotiramizning chuqur qa’rida o’rnashib qolgan bo’lsa, uni ba’zan ming urinsak ham esdan chiqara olmaymiz. Fobiya yoki ba’zigi qo’rqinchli holatlarning xotirasi miyamizda o’rnashib olganligi uchun biz ularni unuta olmaymiz va qo’rqishni davom ettiraveramiz. Qaniydi iloji bo’lsa, xotiralaringizni kesib tashlasangiz-u , ularni keyin umuman eslamasangiz edi. Agarda kimdur shunday asbobni ham kashf qilsa , aminmanki, u inson millionlar tagida qolib ketadi. Yechim : Unutmoqchi bo’lgan xotiralarni unutishga harakat qilmang. Bunday harakat teskari natijaga olib keladi va o’sha xotiralarni yana va yana jonlantiradi. Oddiy bir misol : Oq ayiqni o’ylamaslikka harakat qilingchi!!! Ko’rdingizmi, shunchaki xotiralarni o’z o’rniga qo’ying, xotiramizning birinchi xatosini eslang, albatta, vaqt o’tgan sayin u xotira sizni kamroq bezovta qilishni boshlaydi. Xulosa qilsak, inson so’zining asl ma’nosi bu xato qiluvchi deb. Ya’ni xato qilish bu miyamiz va xotiramizga, inson zotiga xosdir. Eng qiziqarlisi, bu xotira xatoliklari tabiat tomonidan bizga ataylab berilganmi yoki biz uni o’zimizniki qilib olganmizmi? Bu savollar hali beri olimlarni ko’p o’ylantirishi aniq lekin bu xotirangizdagi ayrim nuqsonlarni, nomukammallikni tan olib, ularni yanglishib xotira susayishiga ro’kach qilmaslik esa meni ushbu maqolamning asosiy mazmunini tashkil etadi. Zeroki, buni anglash sizni xotira haqidagi xavotirlaringiz olib tashlaydi va bexavotirlik baxtli hayot kechirishning bir belgisi bo’lib hizmat qiladi.

Maqola http://mnemonika-uz.blogspot.com/ saytidan olindi

 

WordPress Themes