Yaponiyada magnit yostiqchada harakatlanuvchi poyezd yangi tezlik rekord o‘rnatdi

poyezdYaponiyaning tog‘li Yamanasi prefekturasida qurilgan 42 kilometrli tajriba temiryo‘lida magnit yostiqcha (maglev)da harakatlanuvchi yangi poyezd seshanba kuni soatiga 603 kilometr tezlikda harakatlanib, yangi jahon rekordini o‘rnatdi.

Avvalgi rekord 16-aprel kuni o‘rnatilgan, o‘shanda poyezd soatiga 590 kilometr tezlikda harakatlangan edi. “Biz endi bu kabi tajribalarni to‘xtatamiz va asosiy e’tiborni maksimal darajada barqaror va xavfsiz harakatni ta’minlashga qaratamiz”, – deydi JR Tokai temiryo‘l kompaniyasi vakili.

Yaponiyada maglevni qurish bo‘yicha harakatlar XX asrning 70-yillarida boshlangan bo‘lib, 2003-yili JR Tokai temiryo‘l kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ekspress soatiga 581 kilometr tezlikda harakatlanib, jahon rekordini o‘rnatgan edi.

2011-yili Yaponiya hukumati Tokio va Xonsyu oroli markaziy qismidagi Nagoya shaharlarida orasida 286 kilometrli ilk tijoriy maglev temiryo‘lini qurish bo‘yicha rejani ma’qulladi. Qiymati 45,8 milliard dollarga teng bo‘lgan temiryo‘l qurilishi 2014-yilda boshlangan bo‘lib, 2027-yilda bitadi.

Magnit yostiqchada harakatlanuvchi ekspress Tokio va Nagoya oralig‘idagi masofani soatiga o‘rtacha 500 kilometr tezlik bilan 40 daqiqada bosib o‘tadi. Hozirgi vaqtda foydalanilayotgan “Sinkansen” tezyurar poyezdlari esa buning uchun 1 soat 28 daqiqa vaqt sarflaydi.

WordPress Themes