«Biz qadimiy ipak yo’lini tikladik»

     Amir Temur yetti yillik urush (1398-1404-yy.)dan zafar bilan qaytdi. 1404-yilning 10-iyulida o’zining Bog’i chinor degan chorbog’iga kelib qo’ndi. U nihoyatda charchagan va tobi qochgan edi. Kechqurun suyukli nabirasi marhum Muhammad Sultonning madrasasiga bordi va o’sha yerda tunab qoldi. 

Amir Temur yetti yillik urush (1398-1404-yy.)dan zafar bilan qaytdi. 1404-yilning 10-iyulida o’zining Bog’i chinor degan chorbog’iga kelib qo’ndi. U nihoyatda charchagan va tobi qochgan edi. Kechqurun suyukli nabirasi marhum Muhammad Sultonning madrasasiga bordi va o’sha yerda tunab qoldi. Horigan odam odatda tez uxlab qoladi. U esa mijja qoqmay tong ottirdi. O’sha kecha uning ko’z oldidan butun hayoti o’tdi. Urush-talashlar, jang-u jadallar…

«Tamom Eron-u Turonni, Mulki arabning katta qismini zabt etdim. Xudoga shukur! Tangri taolo gunohimni kechirsin! Lekin men buni el-yurtning emnu omonligi deb qildim. Mazlumlar etagidan zolimlar qo’lini yulib tashladim. Ne bo’lsa ham, el-yurt osoyishtaligi uchun qilingan ishlar kechirilur»,— deb tasalli berdi u o’ziga.

Bomdod namozidan keyin hazrat sohibqiron Bog’i chinorga qaytib bordi. Choshgohda ug’ruq ham shu yerga keldi. Amir Temur Saroymulkxonim va nabiralarini ko’rib ko’ngli biroz tasalli topdi. Eson-omon qaytganliklari uchun Yaratganga shukur qildi.

Kechqurun Samarqand dorug’asi Arg’unshoh hazrat sohibqiron, shahzodalar va o’sha yetti yillik urushda qahramonlik ko’rsatgan amirlar va beklar sharafiga katta ziyofat berdi. Ziyofat ayni qizigan bir paytda mehmonxonaga eshik og’a kirib keldi. Va borib hazrat sohibqironning qulog’iga nimalarnidir shivirladi.

—  Xudo xohlasa ertaga erta birlan,— dedi Amir Temur hammaga eshittirib.

Ertasi kuni ertalab, xonsalomdan keyin hazrat sohib­qiron avliyo ota Ioann bilan birga kelgan Fransiya elchisini qabul qildi. Elchi taxt poyasiga ikki-uch metr qolganda tiz cho’kdi va emaklab borib tobug’ rasmini ado etdi. So’ng eshik og’a elchi olib kelgan sovg’alarni taxt poyiga olib borib qo’ydi. Fransiya qirolining maktubini esa ulug’ amirga berdi. Elchi bilan avliyo otaga ulug’ amirning o’ng tarafidan joy ko’rsatildi.

—  Xush kelibsizlar, janoblar! Yo’l uzoq, aziyat chekmadingizlarmi?

 

 

Elchi bilan avliyo ota o’rinlaridan turib, hazrat sohibqironning salomiga alik oldilar.

—  Inimiz Sharl, ahlu oilasi birlan omonmu?

—  Sog’u salomatlar, hazrati oliylari. Tashakkur! Elchilar ikki bukilib ulug’ amirga ta’zim qildilar.

—   Biz Anqara jangida asir olingan nasroniylarni ozod qildik,— dedi Amir Temur elchilarga murojaat qilib,— bugun-erta yo’lga chiqsalar kerak.

Elchilar ikki bukilib ta’zim qildilar:

—  Qulluq, a’lo hazrat! Ilgari ozod qilinganlar yurtlariga eson-omon yetib bordilar. Qirol a’lo hazratlari muruvvatingiz uchun sizga minnatdorchilik izhor qildilar.

—  Qulluq!

Hazrat sohibqiron ularga joylariga borib o’ltirishlariga ijozat berdi. So’ng munshiyi xosni chorladi va kelgach, qo’liga Fransiya qirolining maktubini tutqizdi:

—  O’qingiz, taqsir, hamma eshitsun.

Munshiyi xos maktubni yozdi   va ovoz chiqarib o’qidi:

«Franklar podshosi Sharl. Tangri taoloning inoyati birlan shavkatli va muzaffar Temurbekka tinchlik va salomlar bo’lg’ay! Podshohlar va oliy hukmdorlar tillari va din-u

e’tiqodi boshqa-boshqa bo’lg’on taqdirda ham, o’z ixtiyorlari birlan bir-birlariga hurmat-ehtirom ko’rsatishlari va do’stlik rishtasi birlan bog’lanishlari lozim. Chunki bu alaming tabaalariga tinchlik va omonlik keltiradur. Shu sababli shavkatli va muzaffar podshoh bilsunlarkim, qachonki biz Sharq mamlakatlarining arxiyepiskopi Ioann va elchingiz orqali Sizning, janobi oliylari, bizga sihat-salomatlik tilab, davlatimiz va podshohlikka tegishli ishlar birlan qiziqib hamda yaratgan egamning inoyati birlan Boyazid ustidan qozongan g’alabangiz haqidagi ma’lumotlarni o’z ichiga olg’on maktubingiz bizga katta quvonch va huzur bag’ishladi. Biz yana ham xursand va mamnun bo’ldikki, savdogarlarimiz va umuman barcha nasroniylarning Sizn­ing mamlakatingizga borib, savdo-sotiq ishlari birlan mashg’ul bo’lishlari janobi oliylarig’a ma’qul bo’libdur. Buning uchun Sizga cheksiz minnatdorchilik va tashakkur izhor etamiz. Shu bilan birga Sizning savdogarlaringiz cho’chimay bizning mamlakatimizga kelib, savdo-sotiq birlan mashg’ul bo’lishlari mumkin. Qolg’on gaplarni, xudo xohlasa, elchimiz va nomi yuqorida tilga oling’on arxiyepiskopning og’zidan eshitursiz. Janobi oliylari bu xususda ham, bo’lajak topshiriqlar xususida ham unga ishonsinlar. Chunki u sinalgan va ishonchli odam… Va, nihoyat, biz Siz janobi oliylariga ko’p nasroniylarga ko’rsatgan xayrixohligingiz va iltifotingiz uchun minnatdor ekanligimizni ma’lum qilamiz. Mamlakatimizga kelgan tabaalaringizni himoya qilishga va ularga bizning tabaalarimiz bilan teng va imkoniga qarab ortiqroq huquq berishga tayyormiz.

«Parij shahrida 1403-isoviy yil iyun oyining 15-kuni yozildi».

Amir Temur maktub mazmunidan behad xursand bo’ldi va qabulxonadagilarga murojaat qildi:

— Mana ko’rdingizmu, janoblar! Chekkan zahmatlarimiz, to’kkan qonimiz behuda ketmabdur. Xuroson birlan Eronda ham, Iroq birlan Shomda ham, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarda ham parokandalik, ur-yiqitlarga barham berdik. Karvon yo’llarini yo’lto’sar va qaroqchilardin tozaladik. Natijada bordi-keldi va savdo-sotiqqa yo’l ochildi. Biz qadimiy ipak yo’lini tikladik. Bundan nafaqat Turkiston birlan Movarounnahr, balki butun jahon mamlakatlari zo’r manfaat ko’rurlar, inshoollo.

Ko’p o’tmay Samarqandga mana shunday mazmundagi maktublar bilan yana juda ko’p mamlakatlardan, xususan Bobil, Shom, Misr, Genuya, Kastiliya va Inglistondan ham elchilar kelishdi.

 

ULUG’ BOBOMIZ AMIR TEMUR O’GITLARIDAN

 —  Aqlli dushman johilu nodon do’stdan yaxshiroq.

—   Aqli raso va hushyor kishilardan kengashu tadbir so’rab, fikrini bil.

—   Ahdiga vafo qilmagan kishi oxiri jazoga mubtalo boiadi.

—   Belgilab qo’yilgan ishni to’g’ri tadbir, qat’iy jazm, sabr-toqat va ehtiyotkorlik bilan, keyinini o’ylab qil.

—  Bilgan va tanigan odamlaringni unutma.

—   Bir ishga kirishmay turib, undan qutulib chiqish yo’llarini belgilab qo’y.

—  Bir ishni qilishga qaror qilgan bo’lsang, qilmaguncha qo’yma.

—  Bir kalima shirin so’z qilichni qiniga soladi.

—  Bilagi zo’r birni yiqar, bilimi zo’r mingni.

—  Birliksiz kuch bo’lmas.

—  Birovdan yomonlik axtarma, aytsalar eshitma.

—  Bugungi ishni ertaga qo’yma.

—  Do’stlik imtihonda sinaladi.

— Kimki senga do’stlik qilsa, do’stligi qadrini unutma. Unga muruwat, ehson, izzatu ikrom ko’rsat.

—  Ko’p narsani bilib tursang ham o’zingni bilmaslikka sol.

—  Odillik bilan ish tut.

Ochiq yuzli bo’l, rahm-shafqat bilan ish tut — odamlarning hurmatiga sazovor bo’lasan.

— Chin do’st ulkim, hech qachon do’stidan ranjimaydi. Ranjiganda ham uzrini qabul qiladi.

WordPress Themes